Buxoro — ilmiy tadqiqotlar maydoni: hudud muammolariga ilmiy yechimlar muhokama qilindi
Buxoro davlat texnika universitetida “Buxoro — ilmiy tadqiqotlar maydoni” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti tashabbusi bilan Buxoro davlat texnika universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda Buxoro viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etildi.
Konferensiyani Buxoro davlat texnika universiteti rektori Sadoqat Siddiqova kirish so‘zi bilan ochib, ilmiy tadqiqotlarning jamiyat va hududlar taraqqiyotidagi ahamiyatiga alohida to‘xtaldi.
Shuningdek, Fiskal tahlillar institutining Buxoro viloyatiga biriktirilgan ishchi guruhi rahbari Vohid Rahimov hududning yangi zaxira va imkoniyatlarini aniqlash hamda ulardan samarali foydalanishda ilmiy yondashuv, ilmiy-tadqiqot institutlari va ilm-fan salohiyatining muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
Konferensiyada 40 dan ortiq ilmiy-tadqiqot muassasalari va markazlari vakillari ishtirok etib, Buxoro viloyatining dolzarb muammolariga ilmiy asoslangan yechimlarni taqdim etdilar.
Xususan, yangi innovatsion texnologiyalar va mahsulotlarni joriy etish, ekologik muhitni yaxshilash, yer maydonlarining cho‘llashuvining oldini olish hamda suv tanqisligi muammosini yumshatishga qaratilgan amaliy taklif va ilmiy ishlanmalar muhokama qilindi.
Shuningdek, ilm-fan va ta’limni rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni amaliyot bilan uyg‘unlashtirish, yosh olim va tadqiqotchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda ilmiy ishlanmalarni real sektor va hududlarni rivojlantirish jarayonlariga keng tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Konferensiya ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasida tajriba almashish va hamkorlikni mustahkamlash, mavjud ilmiy salohiyatdan samarali foydalanish hamda Buxoro viloyatining barqaror rivojlanishiga xizmat qiluvchi ilmiy-amaliy va innovatsion yechimlarni shakllantirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.





















