Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona maʼmurchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti nizomi
Oʻzbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot va moliya vazirining
2026-yil “29” apreldagi 23-81-son buyrugʻiga
Ilova
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi
Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona maʼmurchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti
NIZOMI
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona maʼmurchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti (keyingi oʻrinlarda – Institut) oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligiga (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) hisobdor ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.
2. Institut oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga, vazirlik hujjatlariga, shuningdek, ushbu Nizomga amal qiladi.
3. Institut davlat muassasasi shaklidagi yuridik shaxs hisoblanib, Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan hamda nomi davlat tilida yozilgan muhr va rasmiy hujjatlar blankalarga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga ega boʻladi.
4. Institutning toʻliq rasmiy nomi:
davlat tilida – “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona maʼmurchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti”,
qisqartmasi – “Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va fiskal tahlillar instituti”;
rus tilida – «Институт сокращения доли теневой экономики, совершенствования налогового и таможенного администрирования, фискального анализа при Министерстве экономики и финансов»,
qisqartmasi – «Институт сокращения теневой экономики и фискального анализа»;
ingliz tilida – “Institute for Reducing the Share of the Shadow Economy, Improving Tax and Customs Administration and Fiscal Analysis under the Ministry of Economy and Finance”,
qisqartmasi – “Institute for Reducing the Shadow Economy and Fiscal Analysis”.
5. Institut joylashgan manzil – Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Darxontepa koʻchasi, 7-uy.
2-bob. Institutning tuzilmasi
6. Institut boshqarmalar va boʻlimlardan tashkil topgan boʻlib, ular Institutning tuzilmasini tashkil etadi.
Institut tuzilmasi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
3-bob. Institutning maqsadi, vazifalari
va funksiyalari
7. Oʻzbekiston Respublikasi budjet daromadlarini yanada kengaytirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona maʼmurchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar boʻyicha ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish va tavsiyalar ishlab chiqish Institut faoliyatining asosiy maqsadi hisoblanadi.
8. Institut faoliyatining asosiy yoʻnalishlari vavazifalari:
yashirin iqtisodiyotning ijtimoiy-iqtisodiy sabab va omillarini chuqur tahlil qilish, ularni bartaraf etish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqish;
aholi va tadbirkorlarning soliq toʻlash madaniyatini oshirish, ularga sohada qonuniy faoliyat yuritishning afzalliklarini yetkazish hamda fiskal shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
soliq va bojxona maʼmurchiligi samaradorligini oshirish, sohadagi tizimli muammo va toʻsiqlarni tahlil qilish va aniqlash, shuningdek, mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda ularni bartaraf qilish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqish;
budjet-soliq va bojxona-tarif siyosatining milliy iqtisodiyot va fiskal barqarorlikka taʼsirini baholash, ilgʻor xorijiy tajriba asosida sohadagi tizimli muammolarga ilmiy yechim topishga qaratilgan tadqiqotlarni tashkil qilish va olib borish;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromad va xarajatlarini prognozlashtirish hamda rejalashtirish sohasini tahlil qilish, mahalliy budjetlarning daromadlar bazasini oshirish va mustahkamlash boʻyicha amaliy takliflar ishlab chiqish.
9. Institut oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) yashirin iqtisodiyotning ijtimoiy-iqtisodiy sabab va omillarini chuqur tahlil qilish, ularni bartaraf etish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqish borasida:
yashirin iqtisodiyotni yuzaga keltiruvchi omillarini aniqlaydi, ularni bartaraf etish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi;
yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha maxsus komissiya yigʻilishlari kun tartibidagi masalalar boʻyicha maʼlumotlar kiritib boradi;
yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish yuzasidan ilmiy-tadqiqot faoliyatini olib boradi, tegishli vazirlik va tashkilotlar bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi, hududlarga chiqqan holda oʻrganishlar oʻtkazadi hamda ilmiy jihatdan asoslangan takliflarni ishlab chiqadi;
naqd pulsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish hamda markirovkalash tizimining samaradorligi boʻyicha oʻrganishlar va tahlillar oʻtkazadi, yanada takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi.
b) aholi va tadbirkorlarning soliq toʻlash madaniyatini oshirish, ularga sohada qonuniy faoliyat yuritishning afzalliklarini yetkazish hamda fiskal shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish borasida:
aholi va tadbirkorlik subyektlarining soliq madaniyati darajasini aniqlash yuzasidan sotsiologik soʻrovnomalar hamda iqtisodiy tahlillar oʻtkazadi;
aholi va tadbirkorlik subyektlarining soliq madaniyatini yuksaltirish hamda ularning soliq toʻlash masʼuliyatini yanada oshirish boʻyicha ilgʻor xorijiy mamlakatlar tajribalarini oʻrganadi, ushbu tajribalarni qoʻllash yuzasidan asoslantirilgan takliflar ishlab chiqadi;
ommaviy axborot vositalarida, jumladan televideniye, internet hamda vazirlikning “Ochiq budjet” va boshqa axborot manbalarida, ilmiy tadqiqotlar va fiskal tahlillar natijalarini keng yoritib boradi, shuningdek, aholi va tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy savodxonligini oshirishda faol qatnashadi.
c) soliq va bojxona maʼmurchiligi samaradorligini oshirish, sohadagi tizimli muammo va toʻsiqlarni tahlil qilish va aniqlash, shuningdek, mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda ularni bartaraf qilish boʻyicha asoslantirilgan takliflarni ishlab chiqish borasida:
amaldagi soliq va bojxona maʼmurchiligi mexanizmlarini tahlil qilish, ularning samaradorligini oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi;
soliq va bojxona maʼmurchiligini takomillashtirishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi.
d) budjet-soliq va bojxona-tarif siyosatining milliy iqtisodiyot va fiskal barqarorlikka taʼsirini baholash, ilgʻor xorijiy tajriba asosida sohadagi tizimli muammolarga ilmiy yechim topishga qaratilgan tadqiqotlarni tashkil qilish borasida:
budjet, soliq va bojxona siyosati sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshiradi, budjet jarayoni, davlat budjetining daromadlar bazasini mustahkamlash boʻyicha ilmiy-amaliy tavsiyalar ishlab chiqadi;
ilgʻor xorijiy amaliyotlarni tizimli tahlil qilish asosida davlat organlarida ichki nazorat, xavflarni boshqarish hamda ichki audit samaradorligini oshirish boʻyicha amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi;
iqtisodiyot va moliya sektorining rivojlanish jarayonlarini, budjet, soliq va bojxona siyosati boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni tahlil qiladi, tizimli muammolarni aniqlaydi va budjetlashtirish uslublari samaradorligini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
qonunchilik hujjatlari bilan yuklatilgan vazifalarni, jumladan, budjet jarayoni va uning ochiqligi, davlat tashkilotlari faoliyatining shaffofligi hamda jamoatchilik nazorati tizimini takomillashtirishga doir topshiriqlar ijrosini taʼminlaydi;
budjet-soliq va bojxona siyosatining milliy iqtisodiyot va fiskal barqarorlikka taʼsirini baholaydi, ilgʻor xorijiy tajriba asosida sohadagi tizimli muammolarga ilmiy yechim topishga qaratilgan tadqiqotlarni oʻtkazadi;
budjet, soliq va bojxona qonunchiligi hamda pensiya taʼminoti tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
davlat budjetini shakllantirish va ijrosida vujudga keladigan fiskal xatarlarni (davlat kafolatlari, iqlim oʻzgarishi kabi) baholaydi, ularni kamaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
“Tashabbusli budjet” jarayonlarini tahlil qiladi, fuqarolarning budjet mablagʻlarini taqsimlashdagi ishtirokini kengaytirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
jismoniy shaxslardan daromad soligʻi va ijtimoiy soliq siyosatini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiyalari asosida sogʻlom turmush tarzini qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan soliq siyosatini taʼminlash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
tabiat va atrof-muhitni asrab-avaylash, mavjud resurslardan masʼuliyat bilan foydalanishga qaratilgan soliq siyosatini amalga oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar va preferensiyalarini tahlil qiladi va ularning samaradorligini oshirish yoki bekor qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
soliq va bojxona boji stavkalarini tahlil qiladi, ularning iqtisodiy samaradorligi, budjet daromadlariga va milliy iqtisodiyotning rivojiga taʼsirini baholaydi;
soliq va bojxona siyosati sohasida xalqaro ekspertlar va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlik qiladi, ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy metodikalarni oʻrganadi hamda ularni milliy amaliyotda qoʻllash boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
Vazirlikka ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, budjet, soliq va bojxona siyosatini takomillashtirish masalalari boʻyicha uslubiy va axborot-tahlil jihatdan koʻmaklashadi.
d) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti daromad va xarajatlarini prognozlashtirish hamda rejalashtirish sohasini tahlil qilish, mahalliy budjetlarning daromadlar bazasini oshirish va mustahkamlash boʻyicha amaliy takliflar ishlab chiqish borasida:
Davlat budjeti daromadlarini prognozlashtirishning amaldagi metodlarini tahlil qilib borish, mavjud xavflar va muammolarni aniqlash hamda ularning yechimlari yuzasidan ilgʻor xorijiy tajribalar asosida prognozlashtirish metodologiyasini takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
Davlat budjet daromadlar bazasini kengaytirish, budjetga qoʻshimcha daromad manbalarini jalb qilish boʻyicha hududlar va sohalar iqtisodiyotini tahlil qilib borish hamda mavjud imkoniyatlar yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
Davlat budjeti daromadlarini budjet darajalari oʻrtasida taqsimlashning amaldagi tartibini tahlil qilish hamda uni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqadi;
Davlat budjeti daromadlari va xarajatlaridagi rejadan chetlashish sabablarini tizimli oʻrganadi hamda prognozlar aniqligini oshirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
vazirlik bilan hamkorlikda vazirlik va idoralarda ichki nazorat va audit tizimini baholash, xavflarni boshqarish va ichki audit faoliyatini raqamlashtirish jarayonlarida ishtirok etadi;
davlat organlarida ichki nazorat va auditni tashkil etilishi hamda samaradorligi boʻyicha hisobotlar, tahliliy materiallar hamda ilmiy maqolalar chop etish, konferensiya va seminarlar tashkil etadi va qatnashadi;
oʻrta muddatli budjetlashtirishda strategik ustuvorliklarni belgilash va xalqaro standartlarga muvofiqligini taʼminlash yuzasidan takliflar ishlab chiqadi;
natijaga yoʻnaltirilgan budjetlashtirish doirasida budjet xarajatlarini strategik maqsadlar bilan bogʻlash, xarajatlarning ijtimoiy-iqtisodiy natijadorligi va samaradorligini kompleks baholash boʻyicha tahlillar oʻtkazadi.
Shu bilan birgalikda, oʻz faoliyati doirasida quyidagi qoʻshimcha funksiyalarni bajaradi:
manfaatdor vazirlik va idoralar bilan doimiy ravishda budjet, soliq va bojxona siyosatini takomillashtirish masalalari boʻyicha hamkorlikda ish yuritadi;
tizimli tadqiqotlarni, mustaqil yoki ixtisoslashgan tashkilotlarni jalb qilish orqali maxsus tadqiqotlarni, sotsiologik (ijtimoiy) oʻrganishlarni va tegishli axborotni qayta ishlashni amalga oshiradi;
tahliliy, davriy axborot sharhlar va boshqa materiallar tayyorlaydi;
Institut ilmiy xodimlari, mahalliy va xorijiy olimlar
va mutaxassislar ishtirokida ilmiy, muammoli mavzularda davra suhbatlari, konferensiyalar, seminarlar tashkil qiladi;
xalqaro konferensiyalar, simpoziumlar, seminarlarda qatnashadi;
xorijiy ilmiy-tadqiqot, maslahat va oʻquv markazlari bilan ilmiy-amaliy aloqalarni oʻrnatadi, ularni rivojlantiradi va mustahkamlaydi, tajriba almashish va xodimlarning malakasini oshirish maqsadida xorijiy mutaxassislarni jalb qiladi.
Faylni PDF shaklda yuklab olish












