Ilm-fan, ta’lim va sanoat integratsiyasini rivojlantirish bo‘yicha uch tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi
20-iyun kuni "O‘zavtosanoat" AJ, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar instituti o‘rtasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan uch tomonlama memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum doirasida avtomobilsozlik sanoatini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini ishlab chiqarish bilan integratsiyalash, innovatsion texnologiyalarni joriy etish hamda yuqori malakali muhandislik kadrlarini tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish nazarda tutilgan.
Shuningdek, hamkorlar tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, talaba va yosh mutaxassislar uchun amaliyot hamda stajirovka dasturlarini tashkil etish, sanoat avtomatlashtirish tizimlari va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, elektromobillar va zaryadlash infratuzilmasi bo‘yicha ilmiy-amaliy tadqiqotlarni amalga oshirish, shuningdek, avtomobilsozlik tarmog‘ining global bozor tendensiyalari, eksport salohiyati va istiqbolli rivojlanish yo‘nalishlarini tahlil qilish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Mazkur memorandum ilm-fan, ta’lim va sanoat o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, innovatsion rivojlanishni jadallashtirish hamda avtomobilsozlik sohasida raqobatbardosh va zamonaviy yechimlarni shakllantirishga xizmat qiladi.



















