Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy islohotlari xalqaro muhokamalar markazida
Joriy yilning 13-oktabr kuni Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va Jahon banki guruhining Yillik yigʻilishlari doirasida “From Cotton to Capital: Private Sector Solutions for Better Jobs and Better Lives” mavzusida muhokama boʻlib oʻtdi. Unda Institut direktori Abbosbek Jurayev Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, xususan, paxta-toʻqimachilik sohasidagi oʻzgarishlar va erishilgan natijalar haqida nutq soʻzladi.
Tadbirda Jahon banki guruhining boshqaruvchi direktori va bilimlar boʻyicha direktori Paskal Donoxyu, Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri baronessa Tereza Mey hamda Jahon banki guruhining inson resurslari masalalari boʻyicha vitse-prezidenti Mamta Murti ishtirok etdi. Muhokamada xususiy sektorning iqtisodiy oʻsishni taʼminlash, munosib ish oʻrinlari yaratish va aholi farovonligini oshirishdagi oʻrniga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekistonning paxta-toʻqimachilik sohasidagi tajribasi xomashyo eksportidan yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish va eksport qilishga oʻtish misoli sifatida taqdim etildi. Tadbir mamlakatimizdagi islohotlar natijalarini xalqaro auditoriyaga yetkazish, tajriba almashish va rivojlanish hamkorlari bilan muloqotni kengaytirish uchun muhim maydon boʻldi.


















