Xalqaro ekspertiza — davlat moliyasi samaradorligini oshirish uchun
2026-yil 14-avgust kuni Institutda Xalqaro valyuta jamg‘armasining Fiskal masalalar departamenti katta iqtisodchisi Amanda Saye bilan ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. U 2018-yilda O‘zbekistonning fiskal shaffofligini baholash bo‘yicha XVJ missiyasiga rahbarlik qilgan.
Uchrashuv davomida davlat moliyasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish yo‘nalishlari muhokama qilindi. Institutga kelgusidagi tahliliy faoliyatda inobatga olinadigan qator ekspert tavsiyalari berildi.
Asosiy e’tibor qaratilgan masalalardan biri — soliq xarajatlari bo‘ldi. Xususan, soliq imtiyozlarining budjet uchun qiymati, ularni taqdim etish maqsadlari va amaldagi samaradorligini tizimli ravishda baholash zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, budjet siyosatini Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) bilan uyg‘unlashtirish masalasi alohida ko‘rib chiqildi. Bunda mazkur bog‘liqlikni xarajatlarning alohida moddalarini BRMga rasman biriktirish orqali emas, balki davlat dasturlari, ularning maqsadlari va o‘lchanadigan natijalari orqali shakllantirish yondashuvi muhokama qilindi.
Bundan tashqari, nafaqat moliyalashtirish hajmiga, balki davlat mablag‘laridan foydalanishning yakuniy natijalariga yo‘naltirilgan budjet rejalashtirish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tishni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Olingan tavsiyalar Institut tomonidan davlat moliyasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqishda foydalaniladi.




















