XVJ ekspertlari bilan ekspertlar muloqoti: Institutda soliq siyosatining dolzarb yo‘nalishlari muhokama qilindi
2026-yil 21-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar institutida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) ekspertlari — Wen Jean-Francois, Jawad Shah va William McCluskey bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv XVJ ekspertlarining 2026-yil 21–31-iyul kunlari O‘zbekistonga amalga oshirayotgan tashrifi doirasida tashkil etilib, soliq tizimini yanada takomillashtirish masalalari bo‘yicha mazmunli ekspertlar muloqoti uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qildi.
Muhokama qilingan asosiy yo‘nalishlardan biri iqtisodiyotning transformatsiyasi sharoitida tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgan raqamli platformalarni soliqqa tortish bo‘ldi.
Shuningdek, Institut vakillari XVJ ekspertlarini soliq siyosati sohasida olib borilayotgan ilmiy-tahliliy tadqiqotlar hamda ushbu yo‘nalishlarda amaliy takliflar ishlab chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirdilar. Muloqot davomida soliq tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan qarorlarni ishlab chiqishda zamonaviy tahliliy vositalar va ilg‘or xalqaro tajribalarni yanada kengroq qo‘llash imkoniyatlari muhokama qilindi.



















