+998 71 239 19 52
||

HAFTALIK AXBOROT-TAHLILIY DAYJEST (29-iyun-3-iyul)

3 Iyul 2026HaftalikYoʻnalish: Hammasi 81

1. XVJ: O‘zbekiston soliq va bojxona ma’murchiligini isloh qilish bo‘yicha tavsiyalar berdi

imf.org, 2026-yil 12-iyun, (IV-modda bo‘yicha maslahatlashuvlar yakunlari yuzasidan press-reliz)

IV-modda bo‘yicha maslahatlashuvlar yakunida Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) Ijroiya kengashi O‘zbekistonga 2020-yildan buyon kuzatilayotgan soliq tushumlarining YaIMga nisbati pasayishini bartaraf etish maqsadida soliq siyosati va soliq ma’murchiligini isloh qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni tavsiya etdi. Tavsiyalar qatoriga ayrim aksiz solig‘i stavkalarini oshirish, foyda solig‘i bo‘yicha yangi imtiyozlarni (soliq ta’tili va pasaytirilgan stavkalarni) joriy etmaslik, qonunchilikda nazarda tutilmagan bojxona imtiyozlarini bekor qilish, shuningdek XVJ texnik ko‘magida ishlab chiqilgan 2025–2030-yillarga mo‘ljallangan Soliq ma’murchiligini isloh qilish strategiyasi va bojxona islohotlarini tasdiqlash hamda amalga oshirish kiradi. Shuningdek, QQSni qaytarish bo‘yicha qarzdorlikning to‘planishiga yo‘l qo‘ymaslik va QQS hisob-fakturalari bo‘yicha yangi tavakkalchiliklarni baholash tizimini joriy etish zarurligi ta’kidlandi. Ushbu tizim soliq to‘lovchilarning tasdiqlangan talablarini tezkor va avtomatik tarzda qoplash imkonini beradi.

Batafsil: https://www.imf.org/en/news/articles/2026/06/18/pr-26214-uzbekistan-imf-executive-board-concludes-2026-article-iv-consultation

2. XVJ: Tojikiston uchun soliq ma’murchiligini rivojlantirish dasturi – mintaqa uchun namuna

imf.org, 2026-yil aprel, (Texnik ko‘mak hisobotining qisqacha mazmuni)

XVJ Tojikiston Respublikasining 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Soliq ma’murchiligini rivojlantirish dasturi loyihasini ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatladi. Mazkur dastur milliy soliq ma’murchiligini modernizatsiya qilish va raqamlashtirishga qaratilgan kompleks strategiya hisoblanadi. Dastur soliq qonunchiligiga ixtiyoriy rioya etishni kuchaytirish, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish hamda tavakkalchiliklarni boshqarish va raqamli transformatsiya orqali soliq to‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashni nazarda tutadi. Hisobotda davlat xizmatlarini raqamlashtirish va institutsional islohotlar borasidagi yutuqlar qayd etilib, idoralararo hamkorlikni kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlangan. Mazkur yondashuv O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan soliq ma’murchiligi islohotlari metodologiyasiga hamohangdir.

Batafsil: https://www.imf.org/en/publications/high-level-summary-technical-assistance-reports/issues/2026/04/17/republic-of-tajikistan-tax-administration-development-program-2026-2030-575503

3. IFC O‘zbekiston xususiy sektori diagnostikasi hisobotini e’lon qildi

2026-yil 2-iyul

Xalqaro moliya korporatsiyasi (IFC) "Country Private Sector Diagnostic" hisobotini e’lon qildi. Hisobotda O‘zbekistonning 2017-yildan buyon amalga oshirgan iqtisodiy islohotlari hamda xususiy investitsiyalarni cheklayotgan asosiy omillar tahlil qilingan. Korxonalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, yuqori soliq stavkalari moliyalashtirish imkoniyatlarining cheklanganligi va malakali kadrlar yetishmovchiligi bilan bir qatorda biznes rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillardan biri bo‘lib qolmoqda. Hisobotda logistika, turizm va farmatsevtika sohalari, ayniqsa soliq tizimini takomillashtirishni o‘z ichiga olgan tartibga solish islohotlari amalga oshirilgan taqdirda, xususiy investitsiyalar uchun eng istiqbolli yo‘nalishlar sifatida ko‘rsatilgan.

Batafsil: https://www.ifc.org/en/insights-reports/2026/uzbekistan-private-sector-diagnostic

4. Jahon banki O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’limni rivojlantirish uchun 378 million AQSH dollari ajratdi

worldbank.org, 2026-yil 30-iyun

Jahon banki O‘zbekiston hukumatiga mamlakatning olti hududida boshlang‘ich ta’lim sifatini oshirish uchun 378 million AQSH dollari miqdoridagi moliyaviy yordamni ma’qulladi. Loyiha Xorazm, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Navoiy viloyatlari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasini qamrab oladi. Moliyalashtirish O‘zbekiston hukumati (273 mln dollar), Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (100 mln dollar imtiyozli kredit) va Ta’limni moliyalashtirish xalqaro jamg‘armasi (IFFEd)ning 5 mln dollarlik granti hisobidan amalga oshiriladi. 2030-yilgacha 50 ming nafar boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari va maktab rahbarlarining malakasini oshirish, shuningdek mamlakat maktablarining qariyb 45 foizi joylashgan hududlarda ta’lim infratuzilmasini yaxshilash rejalashtirilgan.

Batafsil: https://www.worldbank.org/en/news/press-release/2026/06/30/uzbekistan-to-improve-the-quality-of-primary-education-for-2-million-children-and-future-jobs-access

5. Jahon banki: O‘zbekiston Markaziy Osiyoda energetika islohotlari bo‘yicha namuna bo‘lmoqda

worldbank.org, 2026-yil 29-iyun

Jahon bankining tahliliy materialida O‘zbekiston energetika siyosati islohotlari bilan bog‘langan uglerod moliyalashtirish mexanizmini joriy etgan dunyodagi birinchi mamlakat sifatida e’tirof etiladi. 2022–2024-yillar davomida mamlakat issiqxona gazlari chiqindilarini 23,7 million tonnaga kamaytirishga erishdi hamda iCRAFT dasturi doirasida 20 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ oldi. Mazkur tajriba asosida Jahon banki 2026-yil 9-iyunda Qirg‘iz Respublikasi uchun iFIRST loyihasini moliyalashtirish maqsadida 50 million AQSH dollarigacha mablag‘ ajratishni ma’qulladi.

Batafsil: https://www.worldbank.org/en/news/feature/2026/06/29/how-central-asia-is-pioneering-a-scalable-solution-for-energy-reform

Izohlar

Hozircha izohlar yo'q

Izoh qoldiring

—

Hamkorlar

E-mail
office@ifs.imv.uz
Telefon
+998 71 239 19 52
Manzil
Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Darxontepa koʻchasi, 7-uy