Fiskal tahlillar instituti Vashingtondagi xalqaro davlat moliyasi konferensiyasida ishtirok etdi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti direktori Abbosbek Jo‘rayev 2026-yil 24–25-sentabr kunlari Vashington shahrida Jahon banki, ODI Global va Fiskal tadqiqotlar instituti (IFS) hamkorligida tashkil etilgan 8-xalqaro davlat moliyasi konferensiyasida ishtirok etdi.
Konferensiyaning “Sun’iy intellekt va fiskal siyosatning yangi imkoniyatlari” (AI on the Fiscal Frontier) mavzusidagi sessiyasida O‘zbekistonning davlat moliyasini boshqarish, budjet daromadlari va xarajatlarini samarali tahlil qilish, pensiya tizimi, soliq va bojxona ma’murchiligida sun’iy intellektni qo‘llash borasidagi tajribasi taqdim etildi.
Shuningdek, fiskal va makroiqtisodiy siyosatda ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilishga qaratilgan Data Lake yagona tahliliy platformasini yaratish tashabbusi muhokama qilindi.
Tashrif doirasida Jahon banki, DaTax, TaxDev va Fiskal tadqiqotlar instituti (IFS) bilan qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, fiskal tahlillarda ilg‘or texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish, tajriba almashish hamda Institutning ilmiy-tahliliy salohiyatini oshirish yo‘nalishlarida kelgusidagi hamkorlik bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.





















