Issiqlik ta'minoti tariflari va ijtimoiy me'yor taklifi xususida
Institut soliq xarajatlari, soliqqa tortish va subsidiyalarning manzilliligini oshirish boʻyicha olib borayotgan tadqiqotlari doirasida oʻz tahlil natijalari bilan oʻrtoqlashdi.
Ushbu ishlanmalar institut mualliflarining ilmiy tadqiqotlari boʻlib, mazkur choralar davlat organlari tomonidan qabul qilinishi shart emasligini anglatadi. Bular tahliliy materiallardir.
Soʻnggi kunlarda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda institutimiz tomonidan bildirilgan — issiqlik taʼminoti tariflari boʻyicha umumiy subsidiyadan manzilli ijtimoiy yordamga oʻtish haqidagi taklif keng muhokama qilinmoqda.
Ayrim xabarlarda masala bir tomonlama, “tariflar 5 barobar oshiriladi” tarzida talqin etilayotgani munosabati bilan jamoatchilikka quyidagilarni maʼlum qilamiz:
Birinchidan, mazkur taklif institut xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tahliliy-ilmiy tadqiqot natijasi boʻlib, “Fiskal muloqot” tadbirida ekspert va mutaxassislar muhokamasi uchun taqdim etilgan gʻoyadir. U hech bir rasmiy qaror, hujjat yoki qonun loyihasi maqomiga ega emas va ayni paytda amaldagi tariflarga hamda toʻlov tartibiga hech qanday oʻzgartirish kiritilgani yoʻq. Fuqarolar uchun issiqlik taʼminoti toʻlovlari avvalgidek davom etmoqda.
Ikkinchidan, taklifning mohiyati — tarifni “ommaviy oshirish” emas, balki davlat yordamini aniq manzilga yoʻnaltirishdir. Hozirgi tizimda subsidiya oila daromadi va mulkiy holatidan qatʼi nazar barchaga bir xilda taqdim etilmoqda. Taklif esa ijtimoiy meʼyor (uy xoʻjaligiga 60 kv. m yoki har bir roʻyxatdagi fuqaroga 16 kv. m, yaʼni oilada aʼzolar soni oʻrtacha 4 nafar boʻlsa, 64 kv.m) doirasidagi isteʼmolni imtiyozli tarifda saqlab qolib, chinakam muhtoj oilalarga yordamni kuchaytirishni nazarda tutadi. Tadqiqot maʼlumotlariga koʻra, bu yondashuvda, masalan, Toshkent shahridagi maydoni 60 kv. m gacha boʻlgan kvartiralarning 45,4 foizi uchun toʻlov tartibi mutlaqo oʻzgarishsiz qoladi.
Uchinchidan, tadqiqotning asosiy maqsadi — davlat resurslarini aniq va adolatli taqsimlash, yordamni eng ehtiyojmand qatlamlarga yoʻnaltirish imkoniyatlarini ilmiy jihatdan baholashdir. Oʻrta muddatli istiqbolda muhtoj oilalarga Ijtimoiy himoya yagona reestri orqali manzilli pul yordami koʻrsatish taklif etilmoqda. Mazkur tahlillar turli ehtimoliy yondashuvlarning ijobiy va salbiy tomonlarini ochib berish uchun oʻtkaziladi.
Toʻrtinchidan, institut faoliyatining mohiyati aynan ilmiy izlanish va fikr almashishdan iborat. Ilm-fan ochiq muhokamalar, turli qarashlar va fikrlar xilma-xilligi zamirida rivojlanadi. Har qanday taklif — bu yechim emas, balki muhokama uchun ochiq qoʻyilgan masaladir.
Shu bois jamoatchilik, ekspertlar va manfaatdor tomonlarning bildirayotgan fikr-mulohazalarini biz qadrlaymiz hamda bunday muloqotni sogʻlom va tabiiy jarayon deb bilamiz.
Institut bundan keyin ham oʻz tadqiqotlarini ochiqlik, xolislik va fuqarolar manfaatlarini hisobga olgan holda olib borishda davom etadi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Fiskal tahlillar instituti


















