+998 71 239 19 52
||

RASMIY BAYONOT: Bank omonatlari foizlarini soliqqa tortish taklifi xususida

30 Iyul 2026Yangilik 192

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Fiskal tahlillar instituti tomonidan bildirilgan — bank omonatlari boʻyicha foiz daromadlarini soliqqa tortish haqidagi taklif keng muhokama qilinmoqda. Ushbu munosabat bilan jamoatchilikka quyidagilarni maʼlum qilamiz.

Birinchidan, mazkur taklif institut ilmiy xodimlari tomonidan amalga oshirilgan tahliliy-ilmiy tadqiqot natijasidir. U “Fiskal muloqot” tadbiri doirasida ekspert va mutaxassislar oʻrtasidagi kasbiy muhokama uchun taqdim etilgan gʻoya boʻlib, hech bir rasmiy qaror, hujjat yoki qonun loyihasi maqomiga ega emas.

Ikkinchidan, taklif hozircha amaldagi qonunchilikka hech qanday oʻzgartirish kiritilishini anglatmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksiga oʻzgartirish kiritish faqat belgilangan tartibda — keng jamoatchilik va ekspertlar ishtirokida, tegishli davlat organlari tomonidan koʻrib chiqilishi va tasdiqlanishi orqali amalga oshiriladi. Ayni paytda jismoniy shaxslarning bank omonatlari boʻyicha foizlari amaldagi qonunchilikka muvofiq, avvalgidek daromad soligʻidan ozod boʻlib qolmoqda.

Uchinchidan, tadqiqot xorijiy davlatlar tajribasini oʻrganish asosida tayyorlangan boʻlib, uning maqsadi — daromadlarning adolatli taqsimlanishiga koʻmaklashish, soliq tizimida turli daromad turlari oʻrtasidagi muvozanat va adolatlilikni taʼminlash imkoniyatlarini ilmiy jihatdan baholashdan iborat. Shuni alohida taʼkidlash joizki, taklifda soʻz borayotgan stavka dividend daromadlari bilan bir xil stavkada boʻlib, u faqat olingan foiz daromadiga tegishli — omonatning asosiy (qoʻyilgan) mablagʻiga soliq solish nazarda tutilmagan. Bu kabi tahlillar turli ehtimoliy yondashuvlarni, ularning ijobiy va salbiy tomonlarini ochib berish uchun oʻtkaziladi.

Toʻrtinchidan, institut faoliyatining mohiyati aynan ilmiy izlanish va fikr almashishdan iborat. Ilm-fan ochiq muhokamalar, turli qarashlar va fikrlar xilma-xilligi zamirida rivojlanadi. Har qanday taklif — bu yechim emas, balki muhokama uchun ochiq qoʻyilgan masala. Shu bois jamoatchilik, ekspertlar va manfaatdor tomonlarning bildirayotgan fikr-mulohazalarini biz qadrlaymiz va bunday muloqotni sogʻlom hamda tabiiy jarayon deb bilamiz.

Institut bundan keyin ham oʻz tadqiqotlarini ochiqlik, xolislik va fuqarolar manfaatlarini hisobga olgan holda olib borishda davom etadi.


Hamkorlar

E-mail
office@ifs.imv.uz
Telefon
+998 71 239 19 52
Manzil
Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Darxontepa koʻchasi, 7-uy