Soliq imtiyozlarining budjetga ta’siri: Institut Jahon banki ko‘magida ilk hisobotni tayyorlamoqda
28-sentabrdan 1-oktabrga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar institutida Jahon banki missiyasi o‘tkazilmoqda.
Missiya doirasida Institut soliq xarajatlari hisobotini tayyorlashga kirishdi. Jahon banki mutaxassislari xalqaro amaliyot yuzasidan ma’lumotlar taqdim etib, mazkur hujjatni ishlab chiqish yondashuvlarini shakllantirishda ekspert ko‘magini ko‘rsatmoqda.
Ushbu hisobot O‘zbekistonda davlatning soliq xarajatlarini tizimli baholash va ularning budjet daromadlariga ta’sirini ochib berish imkonini beruvchi ilk hujjat bo‘ladi.
Hisobotning tayyorlanishi soliq siyosati shaffofligini oshirishga hamda taqdim etilayotgan soliq imtiyozlarini tahlil qilish tizimini takomillashtirishga xizmat qiladi.





















