Toshkentda uglerodni tartibga solish masalalari muhokama qilindi
17-sentabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston va mahalliy biznesni uglerodni tartibga solish tizimiga tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan ekspertlar muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda davlat organlari, Fransiya taraqqiyot agentligi (AFD), Expertise France, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, GIZ, yirik korxonalar vakillari ishtirok etdi.
Muhokamalar davomida Yevropa Ittifoqining CBAM mexanizmi O‘zbekiston eksportiga qanday ta’sir ko‘rsatishi, uglerod solig‘ini joriy etish uchun zarur shart-sharoitlar hamda emissiyalar savdosi tizimini (ETS) shakllantirishga tayyorgarlik masalalari ko‘rib chiqildi.
Xalqaro ekspertlar, avvalo, issiqxona gazlari emissiyalarini monitoring qilish, hisobot yuritish va verifikatsiya qilishning ishonchli tizimini (MRV) shakllantirish zarurligini ta’kidladilar. Bunda ma’lumotlarga yagona talablarni belgilash, tarmoq metodologiyalarini ishlab chiqish, mustaqil verifikatorlarni tayyorlash va pilot loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, uglerod to‘lovlaridan tushadigan mablag‘larni energiya samaradorligini oshirish, toza texnologiyalarni joriy etish va korxonalarni modernizatsiya qilishga yo‘naltirish masalasi alohida ta’kidlandi.
Biznes vakillari ham muhokamalarda faol qatnashib, uglerodni tartibga solish tizimida aniq, yagona va shaffof qoidalarni belgilash muhimligini bildirdilar. Korxonalar mexanizm tushunarli va shaffof bo‘lgan taqdirda tegishli talablarni bajarishga tayyor ekanliklarini qayd etdilar.
Muloqot davomida MRVning bazaviy mexanizmini shakllantirish va uni pilot loyihalarda sinovdan o‘tkazishni boshlash taklif etildi. Bu tartib-taomillarni amaliyotda baholash, biznes xarajatlarini aniqlash va tizimni keng joriy etishdan oldin yanada takomillashtirish imkonini beradi.
Tadbir yakunida samarali uglerodni tartibga solish tizimini davlat, xalqaro hamkorlar va biznes o‘rtasidagi doimiy muloqot asosida shakllantirish zarurligi ta’kidlandi. Ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar Institut tomonidan uglerod solig‘i, MRV va O‘zbekistonning ETSga tayyorgarligi bo‘yicha keyingi tahliliy ishlarda foydalaniladi.



























