Global Economic Analysis xalqaro konferensiyasida O‘zbekistonda karbon solig‘ini joriy etish masalalari muhokama qilindi
2026-yil 17–19-iyun kunlari Yaponiyaning Kyoto shahrida bo‘lib o‘tayotgan "Global Economic Analysis bo‘yicha 29-yillik ilmiy konferensiya (29th Annual Conference on Global Economic Analysis)"da O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar instituti vakili Fazliddin Shamsiyev xalqaro ishtirokchi sifatida qatnashdi.
Konferensiya doirasida u “Karbon solig‘ining ekologik barqarorlikka integratsiyasi: O‘zbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilishning iqtisodiy vositalari” mavzusidagi ilmiy maqolasini taqdim etdi.
Taqdimotda O‘zbekistonda karbon solig‘ini joriy etishning iqtisodiy va ekologik ta’sirlari, shuningdek, GTAP-E modeli asosida amalga oshirilgan baholash natijalari yoritildi. Mazkur tadqiqot natijalari konferensiya ishtirokchilari tomonidan yuqori baholandi.
Tadbir doirasida GTAP loyihasi asoschisi, AQSHning Purdue universiteti professori Tomas Hertel, RunGTAP dasturiy ta’minoti yaratuvchilaridan biri, Avstraliyaning Siyosiy tadqiqotlar markazi professori Mark Horridge, shuningdek, Jahon savdo tashkiloti (JST), Deloitte, GEMPACK Software vakillari hamda dunyoning yetakchi universitetlari tadqiqotchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Uchrashuvlar davomida iqtisodiy modellashtirish, yashil iqtisodiyot va fiskal siyosat yo‘nalishlarida zamonaviy yondashuvlar hamda xalqaro tajribalar yuzasidan fikr almashildi.
Mazkur xalqaro konferensiyada ishtirok etish institutning ilmiy salohiyatini mustahkamlash, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirish hamda ekologik va fiskal siyosat sohasidagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.



















