O‘zbekiston Slovakiyada: davlat moliyasini isloh qilish bo‘yicha tajriba almashinuvi
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda vazirlik huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona maʼmuriyatchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar instituti vakillari Slovakiya Respublikasida “Samarali xarajatlar sharhini o‘tkazish va dasturiy budjetlashtirish” mavzusidagi o‘quv tashrifida ishtirok etmoqda.
Mazkur tashrif BMT Taraqqiyot dasturi hamda Slovakiya Respublikasi Moliya vazirligi ko‘magida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda rivojlanish uchun davlat moliyasi” tashabbusi doirasida tashkil etilgan. Tadbirning asosiy maqsadi — O‘zbekiston vakillarining xarajatlar sharhi, investitsiya loyihalarini baholash, soliq ta’sirini tahlil qilish, dasturiy budjetlashtirish va genderga yo‘naltirilgan budjetlashtirish bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishdan iborat.
O‘quv tashrifi davomida Slovakiyaning davlat moliyasini boshqarish tizimi, dasturiy budjetlashtirish amaliyoti, investitsiya loyihalarini baholash, “Value for Money” yondashuvi asosida davlat xarajatlari samaradorligini tahlil qilish hamda soliq siyosati ta’sirini baholash bo‘yicha tajribasi o‘rganilmoqda.



















