O‘zbekistonda davlat moliyasini barqaror va yashil rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘unlashtirish masalalari muhokama qilindi
Joriy yil 18-19 iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida “O‘zbekistonda davlat moliyasini Barqaror rivojlanish maqsadlari va yashil rivojlanish ustuvor yo‘nalishlari bilan uyg‘unlashtirish” mavzusida ikki kunlik o‘quv dasturi tashkil etildi.
Tadbir davomida davlat xarajatlarini ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik ustuvor yo‘nalishlar bilan uyg‘unlashtirish, shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlari, iqlim kun tartibi va gender masalalarini fiskal siyosatga integratsiya qilish masalalari muhokama qilindi.
O‘quv dasturida Iqtisodiyot va moliya vazirligi mutaxassislari, Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti vakillari, boshqa vazirlik va idoralar hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi xodimlari ishtirok etdi. Dastur doirasida institut mutaxassislari tomonidan davlat moliyasini boshqarishning zamonaviy yondashuvlari va barqaror rivojlanish maqsadlarini fiskal siyosat bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha tajriba almashildi.
Tadbir BMT Taraqqiyot dasturi va Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan Slovakiya Respublikasi Moliya vazirligi ko‘magida amalga oshirilayotgan “Public Finance for Development in Uzbekistan” loyihasi doirasida tashkil etildi. Mazkur tashabbus davlat moliyasini boshqarish samaradorligini oshirish, institutsional salohiyatni mustahkamlash hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlariga erishishga xizmat qiladi.



















