+998 71 239 19 52
||

Toshkentda ekspertlar va OAV vakillari ishtirokida “Fiskal muloqot” bo‘lib o‘tdi

30 Iyul 2026Yangilik 114

2026-yil 30-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona ma’murchiligini takomillashtirish hamda fiskal tahlillar institutida davlat boshqaruvi organlari, ilmiy va ekspertlar hamjamiyati hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida navbatdagi “Fiskal muloqot” tashkil etildi.

Tadbir doirasida Institut mutaxassislari soliq va bojxona imtiyozlari bo‘yicha dastlabki tahlil natijalari hamda soliq-budjet siyosatini takomillashtirish yuzasidan ishlab chiqilgan takliflarni taqdim etdilar.

1. Soliq xarajatlari va imtiyozlar samaradorligi

Institut ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda soliq va bojxona imtiyozlarining umumiy hajmi 178,2 trln so‘mni tashkil etib, bu 2024-yilga (135,8 trln so‘m) nisbatan 31,2 foizga ko‘pdir. Mazkur imtiyozlarning asosiy qismi qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) hissasiga to‘g‘ri kelib, 114,6 trln so‘m yoki jami imtiyozlarning 64 foizini tashkil etadi.

Muhokamaning asosiy mavzularidan biri “soliq imtiyozi” va “soliq xarajati” tushunchalarini farqlash masalasi bo‘ldi. Ta’kidlanganidek, iqtisodiy mazmuniga ko‘ra har bir soliq imtiyozi ham soliq xarajati hisoblanmaydi, chunki ularning bir qismi soliq tizimining bazaviy (etalon) arxitekturasiga kiradi.

Institut bahosiga ko‘ra, QQS bo‘yicha e’lon qilingan imtiyozlarning qariyb 85 foizi (eksportga nisbatan nol stavka qo‘llanilishi, moliyaviy va sug‘urta xizmatlarining QQSdan ozod etilishi va boshqalar) soliq tizimining bazaviy tuzilmasiga tegishli bo‘lib, qat’iy ma’noda soliq xarajatlari hisoblanmaydi.

Ishtirokchilar soliq xarajatlarini tizimli hisobga olish soliq tizimi orqali qayta taqsimlanayotgan resurslarning haqiqiy hajmini aniqlash, shuningdek, kutilgan iqtisodiy, fiskal yoki ijtimoiy samara bermayotgan imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqish imkonini berishini ta’kidladilar.

Institut imtiyozlarning iqtisodiy o‘sish, bandlik va hududlarni rivojlantirishga ta’sirini hisobga olgan holda ularning samaradorligini baholash metodologiyasini ishlab chiqmoqda. Shuningdek, bojxona bojlari bo‘yicha imtiyozlarni faqat Bojxona kodeksi orqali joriy etish va o‘zgartirish taklif etildi. Bu bojxona-tarif siyosatining barqarorligi va shaffofligini oshirishga xizmat qiladi.

2. Soliq-budjet siyosatini takomillashtirish

Institut yer solig‘i va aksiz solig‘ining qat’iy stavkalarini mutlaq miqdorda uch yil oldindan belgilash taklifini taqdim etdi.

Shuningdek, o‘rta muddatli istiqbolda jismoniy shaxslarning daromad solig‘i bo‘yicha progressiv stavkalar tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish, passiv (investitsion) daromadlar uchun pasaytirilgan stavkani qo‘llash, ayrim toifadagi soliq to‘lovchilar uchun foyda solig‘ining oshirilgan 20 foizlik stavkasini 15 foizgacha pasaytirish orqali uni yagona stavkaga yaqinlashtirish, shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarni soliqqa tortish tartibini uyg‘unlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, QQSni qaytarish jarayonlarini avtomatlashtirish, soliq nazoratini yuqori xavf darajasiga ega soliq to‘lovchilarga qaratish hamda soliq to‘lovchilarning ishonchini mustahkamlash orqali QQSning C-samaradorligini 57 foizdan maqsadli 63 foiz darajasigacha oshirish va davlat budjetiga har yili 5 trln so‘mgacha qo‘shimcha tushumlarni ta’minlash mumkin.

Shuningdek, moliyaviy xizmatlar sohasidagi ayrim imtiyozlarni qayta ko‘rib chiqish hisobiga QQS bazasini kengaytirish imkoniyatlari ham muhokama qilindi.

Budjet siyosati doirasida davlat subsidiyalarining manzilliligini oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, ayrim davlat qo‘llab-quvvatlash choralaridan, xususan, issiqlik ta’minoti va jamoat transporti sohalaridagi subsidiyalardan asosan poytaxt aholisi foydalanmoqda. Resurslarni yanada manzilli taqsimlash hududlarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, jumladan, qishloq joylarda brutto-shartnomalar amaliyotini kengaytirish hamda aholining transport harakatchanligini oshirish imkonini beradi.

2026-yilda 23 trln so‘m miqdorida Pensiya jamg‘armasiga ajratilishi rejalashtirilgan transfert norasmiy bandlikning yuqori darajasi va kelgusidagi pensiya miqdorining to‘langan ijtimoiy soliq bilan yetarli darajada bog‘lanmaganligi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, oyiga 2 mln so‘m ish haqi oluvchi 1 million nafar xodimning mehnat faoliyati rasmiylashtirilsa, Pensiya jamg‘armasi daromadlari sezilarli oshadi va Davlat budjetidan ajratiladigan transfetlar qisqaradi. Natijada bo‘shaydigan mablag‘lar hajmi deyarli 100 ta maktab qurilishi qiymatiga teng bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, eng kam ish haqi tizimini takomillashtirish, xususan, soatbay eng kam ish haqini joriy etish, shuningdek, norasmiy bandlik darajasi yuqori bo‘lgan tarmoqlarda tarmoq kesimida eng kam ish haqini oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi. Mazkur chora-tadbirlar xodimlarning mehnat huquqlarini yanada samarali himoya qilishga xizmat qilishi qayd etildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar soliq imtiyozlari monitoringini davom ettirish hamda ularning samaradorligini baholash metodologiyasini birgalikda ishlab chiqish zarurligini ta’kidladilar.

Institut direktori “Fiskal muloqot” kelgusida ham muntazam ravishda o‘tkazilib, tadbirkorlar va ekspertlar hamjamiyati takliflari asosida shakllantiriladigan ochiq ekspertlar platformasi sifatida faoliyat yuritishini qayd etdi.

Batafsil o'zbek tilidagi taqdimot

Batafsil rus tilidagi taqdimot

Hamkorlar

E-mail
office@ifs.imv.uz
Telefon
+998 71 239 19 52
Manzil
Toshkent shahri, Mirzo Ulugʻbek tumani, Darxontepa koʻchasi, 7-uy